Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi

Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetining “Siyosatshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 2501-guruhida 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbir zamonaviy rus tili kafedrasi dotsenti, falsafa doktori (PhD) Yelkin Denis Yuryevich rahbarligida tashkil etildi. Unda talabalar Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi haqida ma’ruza va taqdimotlar bilan ishtirok etdilar.

 



Tadbir davomida urush yillarida O‘zbekistondan 2 milliondan ortiq inson frontga safarbar etilgani, ulardan qariyb yarim million nafari jang maydonlaridan qaytmagani alohida ta’kidlandi. Talabalar tarixiy xotirani asrash, urush voqealari haqidagi haqiqatni kelajak avlodlarga yetkazish va tinchlikning qadriga yetish masalalarini muhokama qildilar.

Shuningdek, Toshkent shahridagi “Xalqlar do‘stligi” maydonida o‘rnatilgan Shomahmudovlar oilasi monumenti haqida so‘z yuritildi. Urush yillarida 16 nafar turli millatga mansub yetim bolani tarbiyaga olgan ushbu oilaning insonparvarlik namunasi xalqlar do‘stligi va hamjihatlik timsoli sifatida e’tirof etildi.

Tadbirda talabalar o‘z oilalari tarixidan hikoyalar bilan o‘rtoqlashib, urush yillarini boshdan kechirgan ota-bobolari xotirasini yod etdilar. Shuningdek, Yuriy Levitanning tarixiy murojaatlari tinglanib, “Katyusha”, “Turnalar”, “Qorong‘i tun”, “G‘alaba kuni” kabi mashhur qo‘shiqlar ijro etildi.

Tadbir yakunida tarixiy xotirani asrash, milliy qadriyatlarni ulug‘lash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube