15-aprel kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz tili uchinchi fakultetida “Zamonaviy tilshunoslikda globallashuv muammolari va ularning yechimlari, til siyosati hamda lingvistik identifikatsiya” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.
Mazkur konferensiya doirasida bir qator shoʻba yigʻilishlari tashkil etilib, unda zamonaviy tilshunoslikning dolzarb masalalari keng muhokama qilindi.
Jumladan, 1-shoʻba “Nazariy va sotsiolingvistik yondashuvlar” mavzusiga bagʻishlanib, unda lingvistik globallashuv va til xilma-xilligi, zamonaviy til siyosatining nazariy va amaliy asoslari, shuningdek, lingvistik hamda madaniy identifikatsiya masalalari yuzasidan ilmiy maʼruzalar tinglandi. Ushbu shoʻbaga Sonia Briget Baby moderatorlik qildi.
2-shoʻba esa “Amaliy tilshunoslik va til siyosatini amalga oshirish” yoʻnalishida tashkil etilib, unda qiyosiy va amaliy tilshunoslikning global yondashuvlari, xalqaro va milliy taʼlim tizimlarida til siyosatini joriy etish mexanizmlari muhokama qilindi. Mazkur shoʻbaga doktor Giuseppe Chiaramonte moderatorlik qildi.
Shoʻba yigʻilishlarida xalqaro va mahalliy olimlar, jumladan, Anthony J. Liddicoat, Michelle Bedeker, Sedigheh Shakib Kotamjani, Rebecca Reel, Shinoj Joy, Umida Boltayyeva hamda boshqa mutaxassislar oʻz ilmiy maʼruzalari bilan faol ishtirok etdilar.
Tadbir davomida ishtirokchilar oʻrtasida fikr almashinuvi tashkil etilib, zamonaviy tilshunoslik sohasidagi muammolar va ularning yechimlari yuzasidan muhim ilmiy xulosalar ishlab chiqildi.