16-dekabr kuni “Turon” axborot-kutubxona markazi majlislar zalida “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan o‘zbek tarixiy romanchilik maktabining asoschisi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlarining o‘zbek, rus hamda ingliz tillaridagi nashrlari taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda adabiyotshunos olimlar, yozuvchi va tarjimonlar, nashriyot vakillari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi.

Taqdimot marosimini “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyining Bosh muharriri Azimboy Babaniyazov ochib, nashriyotning 101 yillik faoliyati, bugungi taraqqiyot bosqichi hamda Abdulla Qodiriy romanlarining ko‘p tillarda nashr etilishi milliy adabiyotimizni jahon miqyosida targ‘ib etishdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Ilxomjon Tuxtasinov nutq so‘zlab, mamlakatimizda kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda o‘zbek adabiyoti durdonalarini xorijiy tillarga tarjima qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtaldi. U Prezident va Hukumat qarorlari asosida milliy adabiy merosni xalqaro maydonga olib chiqish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi.

Shuningdek, nashriyot direktori Xushnudjon Maxmudov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, adib avlodlari Xondamir va Sherkon Qodiriy, taniqli adabiyotshunos olimlar va ijodkorlar mazkur nashrlarning adabiy, tarixiy va ma’naviy ahamiyati xususida fikr bildirdilar.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Ilxomjon Tuxtasinov boshchiligida, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlarining ingliz tiliga tarjimalari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda universitetning tajribali tarjimonlari tomonidan amalga oshirildi. Tarjimalarni tayyorlash va tahrir qilish jarayonida Omon Muminov, Nosir Qambarov, Elmira Muratova, Adhambek Alimbekov, Muhammadavaz Irisqulov hamda xorijiy mutaxassislar Elis Brittan va Barsum Peter faol ishtirok etdi. Tarjimalar bir necha bosqichda mahalliy va xorijiy mutaxassislar tomonidan tahrirdan o‘tkazilib, asarlarning badiiy ruhi va milliy koloritini saqlashga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir yakunida Bosh muharrir Azimboy Babaniyazov kelgusida Oybekning “Navoiy”, Cho‘lponning “Kecha va kunduz” hamda Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanlarini ingliz tilida nashr etish rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Taqdimot ishtirokchilariga “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube