Ingliz tili 1-fakultetida yangi talabalik sari ilk qadam

Ingliz tili 1-fakultetida yangi talabalik sari ilk qadam

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Ingliz tili 1-fakultetida yangi o‘quv yilini boshlayotgan 1-kurs talabalarini kutib olish marosimi tashkil etildi.

Tadbirda universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov ishtirok etib, talabalik maqomiga ega bo‘lgan yoshlarni muborakbod etdi. U o‘z so‘zida xorijiy tilni mukammal egallash bilan bir qatorda, mustaqil fikrlash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda universitetdagi imkoniyatlardan samarali foydalanish muhimligini qayd etdi.

Yangi talabalar fakultetning professor-o‘qituvchilari va ta’lim yo‘nalishlari bilan tanishtirildi. Shuningdek, ularga o‘quv jarayoni, universitetdagi imkoniyatlar, talabalarning huquq va majburiyatlari hamda ichki tartib-qoidalar haqida zarur tushunchalar berildi.

Marosim davomida eng yuqori ball bilan talabalikka qabul qilingan 1-kurs talabalariga tashakkurnomalar topshirildi.

 “Kelajak soati” — ilk dars

1-kurs talabalari uchun yangi o‘quv yilining dastlabki kunida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” mavzusida “Kelajak soati” darsi ham tashkil etildi.

Dars davomida talabalar bilan mamlakatimiz taraqqiyoti, mustaqillikning mazmun-mohiyati, yoshlarning jamiyatdagi o‘rni va kelajakdagi maqsadlari haqida suhbatlashildi.

Dars yakunida talabalar o‘z fikrlarini bildirib, yangi o‘quv yilidan kutayotgan maqsad va rejalari bilan o‘rtoqlashdilar.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube