O‘zDJTU va Siena xorijliklar universiteti o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

2025-yil 18-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga Italiyaning nufuzli Siena xorijliklar universiteti prorektori professor Liana Tronci rasmiy tashrif bilan keldi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, ayniqsa qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

 

 

Mehmonni universitetda Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor A. Nosirov hamda Italyan tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri B. Ergashova kutib olishdi. Ular professor Tronchini universitet binolari, o‘quv auditoriyalari va kutubxona bilan tanishtirdilar.

Shundan so‘ng O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor O. Yusupov hamda xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor A. Nosirov ishtirokida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda rektor Ilxomjon Tuxtasinov mehmonlarga universitet faoliyati, xalqaro loyihalar va ilmiy salohiyat borasida batafsil ma’lumot berdi.

Professor Liana Tronci O‘zDJTU rahbariyatiga iliq qabul va samarali hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirib, ikki universitet o‘rtasida doktorantura bosqichi bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish taklifini ilgari surdi. Unga ko‘ra, Siena xorijliklar universiteti tomonidan Lingvistika va Tarjimashunoslik yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zDJTU doktorantlari uchun har yili 6 ta kvota ajratilishi, shuningdek, ularning Italiyada tahsil davomida bepul turar joy bilan ta’minlanishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

 

 

Shuningdek, tomonlar bakalavriat va magistratura bosqichlarida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalasida ham o‘zaro kelishib olishdi.

Uchrashuvda O‘zDJTU va Siena xorijliklar universiteti o‘rtasidagi Erasmus+ K171 xalqaro loyihasi doirasidagi hamkorlik alohida e’tirof etildi. Hozirgacha ushbu loyiha doirasida O‘zDJTUning 5 nafar talabasi va 4 nafar professor-o‘qituvchisi Siena universitetida malaka oshirib qaytgan. 2026–2028-yillar uchun loyiha takroran taqdim etilgan.

Mehmonlar uchrashuvdan so‘ng universitet faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Italyan tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi hamda Qo‘shma ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limida bo‘lishdi. Ushbu bo‘limlar faoliyati bilan yaqindan tanishish jarayonida mehmonlarga bo‘lim boshlig‘i Feruza Rashidova tomonidan batafsil ma’lumot berildi.

Tashrif yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni izchil davom ettirish, qo‘shma ilmiy izlanishlar olib borish va xalqaro akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish borasida kelishuvga erishdilar.

 

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube