Rus tilshunosligi va komparativistikaning dolzarb muammolari muhokama qilindi
12-mart kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Rus tilshunosligi va komparativistikaning dolzarb muammolari: an’analar va innovatsiyalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nufuzli anjuman O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2026-yil 16-yanvardagi “2026-yilda xalqaro va respublika miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy hamda ilmiy-texnik tadbirlar rejasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 11-son buyrug‘i hamda universitet rektorining 2025-yil 27-yanvardagi tegishli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Konferensiya Xalqaro Turon fanlar akademiyasi akademigi, filologiya fanlari doktori, professor Qulmamatov Do‘stmamat Sattorovich tavalludining 70 yilligi munosabati bilan tashkil etildi. Tadbirni universitetning Rus filologiyasi fakulteti hamda Rus tili va o‘qitish metodikasi kafedrasi tashkillashtirdi.
Konferensiyada Moskva davlat universiteti prorektori, filologiya fanlari doktori, professor, Rossiya Ta’lim akademiyasi akademigi Tatyana Vladimirovna Kortava ham ishtirok etib, anjuman qatnashchilariga tabrik yo‘lladi. Shuningdek, xorijiy olimlarning videomurojaatlari ham namoyish etildi.

Anjuman davomida rus tilshunosligi va komparativistika sohasidagi dolzarb ilmiy masalalar muhokama qilinib, ilmiy hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish hamda yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.