O‘zbekiston–Italiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

Italiyaning Rim shahrida “O‘zbekiston–Italiya rektorlarining II forumi” bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur forumda O‘zbekiston va Italiya oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etib, ta’lim, ilm-fan va akademik almashinuv sohalaridagi hamkorlik masalalarini muhokama qilmoqda.

Forum doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori M. Chutpulatov hamda Italyan tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri B. Ergashova hamkor universitetlar vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Xususan:
 1. Siena xorijliklar universiteti xalqaro ishlar bo‘yicha prorektori Karla Bagna bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda universitetlar o‘rtasida amalga oshirilayotgan Erasmus+ KA171 loyihasining amal qilish muddatini 2028-yilgacha uzaytirish bo‘yicha hujjat imzolandi. Ushbu loyiha doirasida O‘zDJTUning 3 nafar professor-o‘qituvchisi va 3 nafar talabasi Siena xorijliklar universitetida malaka oshirishi belgilandi.
 2. O‘zDJTU Italyan tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda Ka-Foskari universiteti vakillari hamkorligida mashhur sayyoh Marko Poloning “Millione” asari tarjima qilindi. Forum doirasida mazkur tarjima asari ikki davlat vazirlariga tantanali ravishda topshirildi.
 3. Perudja xorijliklar universiteti rektori Valerio De Cesaris bilan o‘tkazilgan muzokaralarda O‘zDJTUning italyan tili o‘qituvchilari hamda 10 nafar talabasiga joriy yil iyul oyida Perudja shahrida tashkil etiladigan bir oylik yozgi maktabda tahsil olishlari uchun grantlar ajratilishiga kelishib olindi.
 4. Salento universiteti xalqaro ishlar bo‘yicha prorektori Manuela De Giorgi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Salento universitetida tarjima didaktikasi bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etish hamda O‘zDJTU professor-o‘qituvchilari uchun grantlar ajratish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Perudja davlat universiteti, Salerno universiteti va Parma universiteti vakillari bilan ham hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish borasida dastlabki kelishuvlarga erishildi

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube