“QALBDAGI IZ” RUKNI DOIRASIDA YANGI NASHRLAR TAQDIMOTI O‘TKAZILDI

“QALBDAGI IZ” RUKNI DOIRASIDA YANGI NASHRLAR TAQDIMOTI O‘TKAZILDI

16-sentabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan “Qalbdаgi iz” rukni doirasida yangi nashrlar taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilishida “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi bosh muharriri A. Babaniyazov so‘zga chiqib, nashriyot tarixi, bugungi faoliyati va “Qalbdagi iz” rukni haqida ma’lumot berdi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, adabiyotshunos olim Z. Isomiddinov ham fikrlarini bildirdi.

Shuningdek, nashriyot direktori X.A. Maxmudov milliy va jahon adabiyoti namunalarini nashr etish, o‘zbek adabiyotini xorijiy tillarda targ‘ib qilish hamda bolalar kitobxonligini rivojlantirish yo‘nalishlari haqida so‘z yuritdi.

“Temur tuzuklari” nashri taqdimotida asarning davlat boshqaruvi, adolat, mas’uliyat va bunyodkorlik tamoyillarini anglashdagi ahamiyati haqida O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Amir Temur fondi rahbari, professor Muhammad Ali va yozuvchi To‘lqin Hayit fikr bildirdilar.

Oybekning “Navoiy” romanining ingliz tilidagi nashri taqdim etilib, asarni xorijiy kitobxonlarga yetkazish masalalari haqida so‘z yuritildi.

Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanining ingliz tilidagi nashri ham taqdim etildi. O‘zDJTU Tarjimonlik fakulteti dekani, pedagogika fanlari doktori, dotsent U. Yo‘ldoshev asarning tarixiy va ma’naviy ahamiyati, tarjima hamda nashr jarayoni haqida fikr bildirdi.

“Ming bir kecha” nashri taqdimotida asarning Sharq adabiy an’analaridagi o‘rni haqida filologiya fanlari doktori Suvon Meli so‘z yuritdi.

Yosh kitobxonlar uchun yaratilgan “Rainbow Readers” (“Kamalak o‘quvchilari”) turkumi ham tanishtirildi. Uning ta’limiy imkoniyatlari haqida ingliz tili va adabiyot fani o‘qituvchisi S. Jo‘rayeva ma’lumot berdi.

O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov ham so‘zga chiqib, kitob mutolaasi, yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish, milliy adabiyot namunalarini xorijiy tillarga tarjima qilish va xalqaro kitobxonlarga yetkazishning ahamiyatini ta’kidladi.

Tadbirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari, adabiyot va madaniyat namoyandalari, tarjimonlar, ijodkorlar hamda nashriyot vakillari ishtirok etdi.

Tadbir yakunida nashriyotning kelgusidagi ijodiy rejalari va yangi loyihalari haqida ma’lumot berildi. Mazkur uchrashuv adabiyot, tarix, tarjima va ma’rifatni birlashtirgan mazmunli ijodiy muloqot ruhida o‘tdi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube